28 Iyul 2022 yil 308

Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi shaxsiy tarkibi ayol xodimalari bilan navbatdagi saf ko‘rigi va saf tayyorgarligi o‘tkazildi

Mamlakatimizda qonun ustuvorligini taʼminlash, ichki ishlar organlarini el-yurt manfaatiga xizmat qiladigan chinakam xalqchil tizimga aylantirish yo‘lida samarali ishlar olib borilmoqda.

Ichki ishlar xodimi bo‘lishdek masʼuliyatli kasbni tanlab, tizimda xizmat olib borayotgan ayol xodimalarning ham soha rivojida munosib o‘rni bor. Xuddi yigitlar kabi ushbu sharafli kasbning mashaqqatlariga yuksak sabr va matonat bilan yondashish, vatan oldida qilgan qasamyodiga sodiq qolish To‘maris singari chinakam mard ayollarga xos fazilatdir.

Ichki ishlar vazirining “Ichki ishlar organlarida xizmat, jangovar, jismoniy va axloqiy, psixologik mashg‘ulotlarini o‘tkazish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi tegishli buyrug‘i talablari asosida Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tarkibiy va hududiy tuzilmalarida xizmat qilayotgan xotin-qizlar bilan saf ko‘rigi va saf tayyorgarligi mashg‘ulotlari o‘tkazildi.

Saf ko‘rigida xodimlarga xizmati davomida kerak bo‘ladigan hujjat va vositalari tekshiruvdan o‘tkazilib, saf tayyorgarligi mashg‘ulotlari olib borildi.

Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi kasbiy tayyorgarlik bo‘limi xodimlari tomonidan tashkil etilgan mazkur tadbirlarda xotin-qizlarning tajriba va mahoratini yana-da yuksaltirish, kasbiy va jangovar shayligini oshirish maqsadida “Makarov” to‘pponchasi hamda “Kalashnikov” avtomatini qismlarga ajratish, yig‘ish va quroldan foydalanish mashg‘ulotlari ham bo‘lib o‘tdi.

Mashg‘ulotlardan so‘ng xizmat intizomi qoidalarga rioya qilish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi. Uchrashuv davomida xotin-qizlarning xizmat intizomi va qonuniylikka rioya etishi, fuqarolar va hamkasblari bilan xushmuomala bo‘lishlari to‘g‘risida tushuntirishlar berildi.

IIV Buxoro akademik litseyi bosh o‘qituvchisi, adabiyotshunos mutaxassislari ishtirokida Ichki ishlar vazirligining 237-son buyrug‘ida belgilangan xodimlar o‘qishi lozim bo‘lgan 39 turdagi adabiyotlar yuzasidan savol-javoblar olib borilib, xodimalarning bilim va ko‘nikmalari mustahkamlandi.

Bir so‘z bilan aytganda, bugun “Vatanga va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilish — oliy burchimiz” konseptual g‘oyasi asosida xizmat qilish sohada xizmat olib borayotgan xotin-qizlarga ham kuch va shijoat uyg‘otmoqda.

Text to speech