18 May 2022 yil 415

Buxoro viloyatida aholi muammolarini manzilli bartaraf etish ishlari boshlandi

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan hududlarda aholining ijtimoiy-iqtisodiy, sogʻliqni saqlash, taʼlim, huquqni muhofaza qilish va boshqa sohalardagi muammolarini manzilli bartaraf etish boʻyicha bir qator islohotlar hayotga tatbiq etilmoqda.

Mazkur islohotlar respublikamizning chekka hududlaridagi mahalla va ovullarida istiqomat qiluvchi fuqarolarimizning kundalik hayotida ham amaliy natijalarini koʻrsatmoqda. Bundan koʻzlangan asosiy maqsad esa xalqimizning roziligini olishdan iborat.

Bu boradagi ishlarni yanada jadallashtirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari boʻyicha maslahatchisi Baxtiyor Islamov hamda Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Poʻlat Bobojonov boshchiligidagi ishchi guruh Buxoro viloyatining barcha tuman-shaharlarida boʻlib, aholini qiynab kelayotgan mavjud muammolarni manzilli bartaraf etish choralarini koʻrmoqda.

Ushbu jarayonlarda asosiy eʼtibor huquqbuzarlik va jinoyatchilikni «mahallabay», «fuqarobay» tizimi va “Xavfsiz hovli” tamoyili asosida jilovlash, aholi bandligini taʼminlash, doimiy daromad manbaini yaratish orqali kambagʻallikni qisqartirish borasida sektor rahbarlari tomonidan olib borilayotgan ishlar natijadorligiga qaratilmoqda.

Xususan, respublika ishchi guruhi masʼullari viloyatning Gʻijduvon tuman ichki ishlar boshqarmasi 1-son ichki ishlar boʻlimi faoliyati hamda xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdilar. Tumanning 84 775 nafar aholi istiqomat qiladigan 18 ta mahallasiga xizmat koʻrsatuvchi boʻlimda profilaktika inspektorlari, tezkor vakil va navbatchilik qismi xodimlari, surishtiruvchi hamda xotin-qizlar masalalari boʻyicha katta inspektor xizmat faoliyatini yuritadi.

Masʼullar boʻlim faoliyati bilan tanishish asnosida tuman sektor rahbarlarining aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, mahallalarni jinoyatdan holi, xavfsiz hududga aylantirishga qaratilgan faoliyati muhokama qilindi. Jumladan, jinoyatchilikni hisobga olish, ularning tahlilini olib borishda yuzaga kelayotgan tushunmovchiliklarni bartaraf etuvchi mexanizm ishlab chiqish borasida soʻz yuritildi.

Prezidentimiz tomonidan mehnat faxriylarining mahallalarda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash, ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirishdagi ishtirokini kengaytirish, mahallalarda “Bir nuroniy oʻn yoshga masʼul” tamoyilini qaror toptirishda tashabbuskorlik koʻrsatayotgan ijtimoiy faol nuroniylarni moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash vazifalar belgilangan edi.

Mahalla faollari safiga nuroniy va mehnat faxriylari biriktirilishi natijasida nizoli oilalar va ajrimlar soni kamayishiga erishilmoqda.

Respublika ishchi guruhining viloyatdagi oʻrganishlari jarayonida nuroniy va mehnat faxriylarining katta hayotiy tajribasini hisobga olgan holda, ularni jamiyatdagi faolligini oshirishga katta eʼtibor qaratilmoqda.

Ishchi guruhning tumandagi oʻrganishlari davomida “Sarmijon” mahallasida istiqomat qiluvchi nuroniy va mehnat faxriylari bilan muloqot oʻtkazildi. Muloqotlar chogʻida nuroniy otaxon va onaxonlarning katta hayotiy tajribasidan kelib chiqib, yosh avlodni tarbiyalashga qaratilgan fikrlari tinglandi.

Shundan soʻng, mahalla raisi, profilaktika inspektori, hokim yordamchisi, mahalladagi xotin-qizlar faoli va yoshlar yetakchisining hamkorlikdagi faoliyati oʻrganildi. Ularning faoliyatini toʻgʻri tashkil etish boʻyicha kerakli tavsiyalar berildi.

Mavjud muammolarni bartaraf etishning samarali usuli aholi bandligini taʼminlash deb oladigan boʻlsak, tadbirkorlikni rivojlantirish, qoʻshimcha ish oʻrinlarini yaratish muhim masala hisoblanadi.

Bu borada, Sarmijon qishlogʻidagi fuqaro Jamolovga tegishli tikuv sexi imkoniyatlari va bunda faoliyat yuritayotgan “Ayollar daftari”ga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlar bandligini taʼminlashga doir ishlar bilan tanishildi.

Tumandagi oʻrganishlarning soʻnggi manzili “Obod” mahallasida joylashgan «Ozod-Ozoda Fayz Mebel” va “Fayzli Mebellar Saltanati” masʼuliyati cheklangan jamiyatlari boʻldi. Mazkur tadbirkorlik subyektlari faoliyati davomida duch kelayotgan muammolar ish guruh masʼullari tomonidan batafsil oʻrganilib, bartaraf etish choralari koʻrildi.

Maʼlumot oʻrnida aytish kerakki, yuqoridagi ishlab chiqarish korxonalarida jami 20 ga yaqin ehtiyojmand aholi bandligini taʼminlash amaliyoti yoʻlga qoʻyilgan. Kelgusida tadbirkorlarning faoliyatini kengaytirish, ish oʻrinlarini oshirishga yetarlicha shart-sharoitlar yaratib berish yuzasidan sektor rahbarlariga topshiriqlar berildi.

Tashrif doirasida vazir Shofirkon tumanida ham boʻlib, “Sultonobod” mahallasida joylashgan viloyat IIB otaligʻiga olingan 3-umumiy oʻrta taʼlim maktabi Ko'lobod filialining yangi bunyod etilgan, 80 nafar oʻquvchiga moʻljallangan zamonaviy binosida taʼlim jarayoni, oʻquvchilarga yaratilgan sharoitlar, fan va sport toʻgaraklari, yoʻl harakati xavfsizligi xonasi bilan tanishdi.

Mazkur mahallada jami 497,1 ga. yer maydoni 3 714 nafar ehtiyojmand aholiga ijara asosida 10 sotixdan ajratib berish orqali ular bandligini taʼminlash va doimiy daromad manbaini yaratish tajribasi ham oʻrganildi.

Oʻrganishlarning keyingi manzili tumanning «Qalmaqon» mahallasida joylashgan 272-sonli Huquq tartibot maskani boʻldi. Hududda jinoyatchilik salmogʻi oshganligi, sektor rahbarlarining asossiz xotirjamlikka berilganligi mutasaddilar tomidan qattiq tanqid ostiga olindi. Yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni tez fursatda bartaraf etish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Taʼkidlash lozimki, jadal surʼatlarda rivojlanib borayotgan yurtimizda yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish muhim ahamiyatga ega. Bu borada, masʼullar ushbu mahallada tashkil etilgan akademik T.Mirzayev nomidagi Axborot-kutubxona markazida yoshlar orasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, ularning maʼnaviy-maʼrifiy hamda huquqiy savodxonligini oshirish, ularda vatanga muhabbat va sadoqat tuygʻusini shakllantirish yuzasidan olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi. Kutubxonada 130 mingga yaqin kitob fondi mavjud boʻlib, bunda 8 ming nafar ortiq yoshlar kitobxonlikka keng jalb qilingan.

Shuningdek, ushbu mahalla guzarida tashkil etilgan Xotin-qizlar tadbirkorlik markazida “Ayollar daftari”, “Temir daftar” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarni kasb-hunarga oʻrgatish orqali bandligini taʼminlash va doimiy daromad manbaini yaratish tajribasi yaqindan oʻrganildi. Markazda bugungi kunga qadar 100 dan ortiq xotin-qizlar kasb-hunarga oʻqitilgan boʻlib, hozirda 89 nafari oʻqitilmoqda. Ularning 82 nafari oʻzini-oʻzi band qilish hamda 22 nafari tadbirkorlikka jalb qilish orqali bandligi taʼminlangan.

Respublika ishchi guruhi vakillari shu kuni Vobkent tumani “Charmgaron” mahallasida joylashgan Markaziy dehqon bozorida aholini sifatli va arzon oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlashga qaratilgan ishlarning natijalari koʻzdan kechirildi. Mutasaddilarga narx-navoni barqarorlashtirish chora-tadbirlarini doimiy ravishda davom ettirish boʻyicha tegishli topshiriqlar berildi.

Tumanning “Shirin” turizm qishlogʻida joylashgan “Shirin Turizm House” MCHJ faoliyati bilan tanishilib, bunda sayyohlarga yaratilgan sharoit va imkoniyatlar oʻrganildi.

Shu kuni masʼullar «Xayrxush» mahallasida yashovchi Saʼdulloyev xonadonida imtiyozli kredit asosida tashkil etilgan issiqxona, uzumchilik va parrandachilik tajribasi oʻrganildi. Bunda, 12 nafar ehtiyojmand aholi ish bilan band etilgan boʻlib, ularning oylik daromadi 15 mln soʻmni tashkil etmoqda. Masʼullar tomonidan ushbu xonadonda yoʻlga qoʻyilgan amaliyotni tumanning boshqa hududlarida ham tatbiq etish taklifi berildi.

Shuningdek, ishchi guruh mazkur mahallada istiqomat qiluvchi Roʻziyev, Neʼmatov va Ochilovlar xonadonlarida ham boʻlib, tashkil etilgan pillachilik tajribasi bilan tanishildi. Bunda, masʼullar tomonidan belgilangan rejani ortigʻi bilan bajargan pillachilarga qimmatbaho sovgʻalar topshirilib, munosib ragʻbatlantirildi.

Ichki ishlar vazirligining alohida ishchi guruhi tashabbusi bilan viloyat hududida huquqbuzarlik va jinoyatchilikni barvaqt oldini olish, kriminogen vaziyatni yanada barqarorlashtirish, yoʻllarda xavfsiz harakatlanishni taʼminlash maqsadida tezkor profilaktik tadbirlar tashkil etildi.

Tadbirlarning dastlabki kunida 32 ta jinoiy holat va 40 ta maʼmuriy huquqbuzarliklar aniqlandi, ilgari sodir etilib, ochilmasdan qolgan 3 ta jinoyat fosh etildi, 4 nafar qidiruvdagi shaxslar ushlandi. Maxsus «Avtoreyd» tadbirlarida esa 638 ta qoidabuzarlik holatlari aniqlanib, haydovchilar bilan profilaktik suhbatlar oʻtkazildi.

Viloyatda amalga oshirilgan ishlar va yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar oʻrganishlar yakuniga bagʻishlangan yigʻilishda tanqidiy tahlil qilinadi. Respublika ishchi guruhining viloyatdagi oʻrganish va amaliy yordam koʻrsatish ishlari davom ettirilmoqda.

Text to speech