18 Iyul 2022 yil 309

Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Jamoat xavfsizligi xizmatining birinchi yarim yillik faoliyati muhokama qilindi

Mamlakatimizda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni oldini olish maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tizimli ishlar olib borilmoqda.

Jumladan, Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Jamoat xavfsizligi xizmati tarkibidagi sohaviy xizmatlarning navbatdagi hisobot yig‘ilishi ham bu borada amalga oshirilgan chora-tadbirlar va ularning 6 oylik natijalariga bag‘ishlandi.

Boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosari – Jamoat xavfsizligi xizmati boshlig‘i podpolkovnik Jonibek Boltayev boshchiligida tahliliy-tanqidiy tarzda olib borilgan hisobot yig‘ilishida viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi majlislar zalida huquqbuzarliklar profilaktikasi, yo‘l harakati va jamoat xavfsizligini taʼminlash borasidagi hamda Probatsiya nazorati ostida turuvchi shaxslar bilan amalga oshirilgan ishlar hamda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar to‘g‘risida so‘z yuritildi.

Shu o‘rinda, viloyatda joriy yilning o‘tgan olti oyi mobaynida jamoat xavfsizligini taʼminlash, jinoyatchilikning barvaqt oldini olishga doir bir qator profilaktik tadbirlar amalga oshirilgan.

Xususan, profilaktik hisobda turgan ilgari sudlangan shaxslar, jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilganlar, jinoyat sodir etish ehtimoli yuqori bo‘lgan, sog‘liqni saqlash muassasalarining maxsus hisobida turuvchi, spirtli ichimlikka ruju qo‘ygan shaxslar, giyohvandlar va tajovuzkor ruhiy xasta bemorlar ustidan alohida nazorat o‘rnatilib, ular bilan yakka tartibda olib borilgan profilaktik chora-tadbirlar natijasida ularning ijtimoiy moslashuvi taʼminlangan.

Hisobot yig‘ilishida Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasi tomonidan boshqa sohaviy xizmatlar bilan hamkorlikda sayyohlik namoyishi obyektlari va ularga tutash hududlarda jamoat tartibini saqlash va xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurash, sayyohlarning huquq va qonuniy manfaatlarini taʼminlash borasida ham qator ijobiy ishlar amalga oshirilganligi taʼkidlandi.

Shuningdek, xorijiy davlatlar va Xalqaro tashkilotlarning delegatsiyalari munosib kutib olinib, ularning xavfsizligi to‘liq taʼminlanishi natijasida 6 oy davomida xorijiy va mahalliy sayyohlar bilan bog‘liq birorta ham jinoyat va maʼmuriy huquqbuzarlik holatlari qayd etilmaganligi eʼtirof etildi.

Yo‘l harakati xavfsizligi sohasida esa “Xavfsiz yo‘l va xavfsiz piyoda” tamoyili asosida yo‘llarda inson xavfsizligini taʼminlash borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida 6 oy davomida sodir etilgan yo‘l-transport hodisalarining soni 2021 yilning shu davriga nisbatan -3,5 foizga kamaygan.

Muhokama yig‘ilishida erishilgan ijobiy natijalar bilan bir qatorda kamchiliklar ham atroflicha muhokama qilinib, jamoat xavfsizligi xizmatining keyingi yarim yillikka mo‘ljallangan ustuvor vazifalari yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi.

Yakunda joriy yilning o‘tgan davri mobaynida yo‘l qo‘ygan xato va kamchiliklari uchun intizomiy jazo choralari qo‘llaniladigan hamda yuqori natijalarga erishganligi uchun rag‘batlantiriladigan xodimlar to‘g‘risida taklif ishlab chiqish yuzasidan masʼullarga ko‘rsatmalar berildi.

Text to speech