14 May 2022 yil 266

Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasida navbatdagi maʼnaviyat va maʼrifat darsi o‘tkazildi

Bugun, 14-may kuni Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi apparati shaxsiy tarkibi bilan o‘tkazilgan “Ma‘naviyat va ma‘rifat darsi”da “Oila tinchligi – jamiyat farovonligi asosi” mavzusida O‘zbekiston Respublikasi Senati a’zosi va Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning Buxoro viloyati mintaqaviy vakili Abira Xuseynova tomonidan maʼruza qilinib, xodimlarga mavzu bo‘yicha batafsil maʼlumotlar berildi.

Shu o‘rinda, oila – muqaddas dargoh. Bunda ulg‘ayayotgan yosh avlod uchun tarbiyaviy, ma’naviy-ma’rifiy, ruhiy-axloqiy, iqtisodiy-huquqiy kamol topayotgan qo‘rg‘onning mustahkamligi jamiyat taraqqiyoti yo‘lida muhim omil sanaladi.

Xususan, Mahmud Koshg‘ariy, Ahmad Yugnakiy, Kaykovusdan tortib, Beruniy, Ibn Sino, Forobiy, Alisher Navoiy, Mirzo Ulug‘bek singari buyuk zotlarning asarlarida oilaviy masalalar, undagi munosabatlar, farzand tarbiyasida ota-ona, bobo-buvining o‘rni, komil va vatanparvar shaxsni tarbiyalashda bu qo‘rg‘onning ahamiyati beqiyosligi e’tirof etilgani borasida so‘z yuritildi.

Zotan, odob-axloqi go‘zal, jismonan va ma’nan yetuk avlodni tarbiyalashning yagona yo‘li – barqaror oila qurish ekanini, oilani mustahkamlamasdan turib, davlat va jamiyat taraqqiyotiga erishib bo‘lmaydi.

Shuningdek, davlat rahbarining joriy yil 7-martdagi “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq, 2022–2026-yillarda xotin-qizlarning mamlakat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida faolligini oshirish bo‘yicha Milliy dastur tasdiqlandi.

 

Text to speech