18 May 2023 yil 326

Buxoroda o‘tkazilayotgan “Qoradori-2023” keng ko‘lamli tezkor hamda profilaktik tadbirlari doirasida giyohvandlik vositalarini yetishtirish bilan bog‘liq bir nechta holatlar fosh etildi.

Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi IIVning alohida ko‘rsatmasi asosida joriy yilning 1 may kunidan 30 iyun kuniga qadar respublikamizning barcha hududlarida “Qoradori-2023” keng ko‘lamli tezkor hamda profilaktik tadbirlarining birinchi bosqichi harakatga keltirilgan.

Ushbu ko‘rsatmaga muvofiq Buxoro viloyatida ham boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda keng jamoatchilik bilan hamkorlikda bir qator tezkor surishtiruv hamda kompleks profilaktik tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, Buxoro viloyatiga kirish-chiqish hamda tumanlararo chegara maskanlarida alohida kuzatuv postlari tashkil etilib, giyohvand hamda psixotrop moddalarning respublikamiz, viloyatimiz va mahallalarga kirib kelishi, qonunga xilof ravishda ekib parvarishlash, tayyorlash va sotish bilan bog‘liq jinoiy holatlarni fosh etish yuzasidan qator tezkor tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Ushbu tadbirlar doirasida giyohvandlik vositalarini yetishtirish bilan bog‘liq bir nechta holatlar fosh etildi.

Jumladan, 2023 yil 15 may kuni soat 14:00 larda Romitan tumani “Toshrabot” mahallasida yashovchi, 1967 yilda tug‘ilgan N.U. ning yashash uyida o‘tkazilgan tintuv tergov harakati jarayonida uning hovlisi tuproqli yer maydonidan ikki tup markaziy poya va ildiziga ega bo‘lgan, viloyat IIB EKB ning xulosasiga ko‘ra sof vazni 230,25 grammga teng bo‘lgan “Kannabis” giyohvandlik vositasini qonunga xilof ravishda yetishtirib kelayotganligi aniqlangan.

Ikkkinchi holatda, 2023 yil 14 may kuni Qorako‘l tumani IIB xodimlari tomonidan tumanning “Qorako‘l” mahallasida yashovchi J.Sh.ning tomorqasi ko‘zdan kechirilganda, u yerda 36 tup “ko‘knori” o‘simligi ishlov berilib yetishtirilayotganligi aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 270-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirgi kunda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Text to speech