10 Yanvar 2022 yil 1940

Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro shahar hokimi Jamol Nosirovning xonadonida o‘g‘irlik sodir bo‘lganligi to‘g‘risida eʼlon qilingan xabar yuzasidan RADDIYA.

Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro shahar hokimi Jamol Nosirovning xonadonida joriy yilning 4 yanvar kuni o‘g‘irlik jinoyati sodir bo‘lganligi hamda uning uyidan nomaʼlum shaxslar tomonidan 200 ming dollar miqdoridagi pullar o‘g‘irlab ketilganligi yuzasidan xabar tarqaldi.

Mazkur xabar Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi masʼul xodimlari tomonidan o‘rganilganda, ushbu xabarning mutlaqo noto‘g‘ri ekanligi, yaʼni Buxoro shahar hokimi Jamol Nosirovning xonadonida o‘g‘irlik jinoyati sodir bo‘lmaganligi, Ichki ishlar boshqarmasi va uning quyi tizimlariga bunday mazmundagi hodisa sodir bo‘lganligi to‘g‘risida biror bir xabar yoki murojaat kelib tushmaganligi yoxud hokimning biror bir yaqin qarindoshlari tomonidan ham bunday jinoiy hodisa yuz berganligi yuzasidan xabar yoki murojaat tushmaganligi maʼlum bo‘ldi.

Hurmatli ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari, mustaqil jurnalist va blogerlar, hokimiyat vakillarini obro‘sizlantirishga qaratilgan bu kabi asoslantirilmagan yolg‘on xabar va maʼlumotlarni tarqatmasligingizni, har qanday jinoyat va hodisalar yuzasidan rasmiy maʼlumot olish uchun Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Axborot xizmatiga murojaat qilishingizni so‘rab qolamiz.

Text to speech