23 Iyul 2022 yil 5686

Ijtimoiy tarmoqlarda “60 gradusda сhaqaloq bug‘doyzorga tashlab ketilibdi” sarlavhali murojaat yuzasidan rasmiy maʼlumot

Bugun, 23-iyul kuni ijtimoiy tarmoqlarda “60 gradusda Chaqaloq bug‘doyzorga tashlab ketilibdi, Buxoro, G‘ijduvon, "Shukur to‘xta" fermer xo‘jaligini yerlaridan topib olinibdi. Holat haqida maʼlumot yo‘q. RASMIY MUNOSABAT KUTIB QOLAMIZ” sarlavhasi ostida rasmli murojaat tarqadi.

Ushbu murojaat Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi masʼul xodimlari tomonidan o‘rganilganda aniqlanishicha, 2022 yilning 22 iyul kuni soat 16:07 da viloyat IIBning “102” avtomatlashtirilgan tizimiga G‘ijduvon tumani Ko‘lijabbor MFY Ko‘xna Nayman qishlog‘ida joylashgan “Shukur To‘xta” fermer xo‘jaligining dala maydoni yoqasidagi (kapa) shiyponda shaxsi aniq bo‘lmagan taxminan 9 oylik bola topib olinib, tuman tibbiyot birlashmasiga olib borilganligi haqida xabar kelib tushgan.

Mazkur xabar G‘ijduvon tumani IIB Navbatchilik qismida qayd qilinib, tezkor tergov guruhi tomonidan hodisa sodir bo‘lgan joy ko‘zdan kechirilgan va kechiktirib bo‘lmas tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilgan.

Hozirgi kunda ushbu shaxsi aniq bo‘lmagan taxminan 9 oylik bola G‘ijduvon tuman tibbiyot birlashmasi bolalarni sog‘lomlashtirish bo‘limida shifokorlar nazoratiga olingan bo‘lib, holat yuzasidan G‘ijduvon tuman Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari amalga oshirilmoqda.

Tergovga qadar tekshiruv harakatlarining yakuni yuzasidan qo‘shimcha maʼlumot beriladi.

Text to speech