19 May 2022 yil 484

Respublika ishchi guruhining Buxoro viloyatidagi oʻrganishlari davom etmoqda

Bugungi kunda, hududlarning alohida xususiyatidan kelib chiqqan holda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, koʻp ming yillik tarixga va yuqori turizm salohiyatiga ega boʻlgan koʻhna va boqiy Buxoro oʻzida ajdodlarimizning boy isteʼdodi va badiiy mahorati, ulkan yaratuvchilik qudratidan dalolat beradi. Shu oʻrinda, mehnatkash, mehmondoʻst va samimiy viloyat aholisi hunarmandchilik, turizm va xizmat koʻrsatish, ishlab chiqarish, qishloq xoʻjaligi va boshqa sohalarda samarali mehnat qilib kelmoqda.

Avval xabar berganimizdek, viloyatda aholi muammolarini manzilli bartaraf etish, aholi bandligini taʼminlash, tadbirkorlikni rivojlantirish ishlarini yanada jadallashtirish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Baxtiyor Islamov hamda Ichki ishlar vaziri Poʻlat Bobojonov boshchiligidagi ishchi guruhning Buxorodagi oʻrganish ishlari qizgʻin davom etmoqda.

Davlatimiz rahbari boshchiligida olib borilayotgan inson qadrini ulugʻlash ayniqsa, yurt obodligi va xalqimiz farovonligi yoʻlida bojxona nazorati sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar keng tatbiq qilinmoqda. Jumladan, respublika ishchi guruhining ikkinchi kundagi oʻrganishlari Olot chegara Bojxona posti faoliyati bilan tanishishdan boshlandi. Mazkur Bojxona posti rahbari tomonidan olib borilayotgan ishlar va kelgusidagi rejalar yuzasidan qilingan taqdimotda amaliyotga tatbiq etilgan zamonaviy rentgen apparati, fuqarolarni oʻtkazish punkti, integratsiya qilingan bojxona axborot dasturlari hamda yuk avtomashinalarini chegaradan oʻtkazish ahvoli borasida soʻz yuritildi.

Yurtimizda yoshlar maʼnaviyatini va kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, ularning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, maʼnaviy-maʼrifiy hamda huquqiy savodxonligini oshirish, ularda vatanga muhabbat va sadoqat tuygʻusini shakllantirishga alohida eʼtibor berilmoqda.

Shundan soʻng, masʼullar tomonidan tumandagi “Xalifa” mahallasida joylashgan Maʼnaviyat va madaniyat markazining yangi binosida yoshlarning boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazish borasida olib borilayotgan amaliy ishlar oʻrganildi. Bu yerda tashkil etilgan sport, shaxmat-shashka, raqs, doira, zakovat, kitobxonlik, kashtachilik, zamonaviy axborot texnologiyalari savodxonligini oshirish kabi toʻgaraklar va zamonaviy kinozallar faoliyati bilan tanishildi.

Masʼullarning navbatdagi manzili Qorakoʻl tumanidagi “Qorakoʻl” mahallasi aholisiga xizmat qiluvchi 476-sonli tayanch punktida hududda jinoyatchilikni jilovlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini taʼminlash faoliyati oʻrganildi.

Mahallalarda “Bir nuroniy oʻn yoshga masʼul” tamoyili ijrosi yoʻlida ushbu mahallada istiqomat qiluvchi nuroniy va mehnat faxriylari bilan muloqot oʻtkazildi. Muloqotlar chogʻida nuroniy otaxon va onaxonlarning katta hayotiy tajribasidan kelib chiqib, yosh avlodni tarbiyalashga qaratilgan fikrlari tinglandi.

Shuningdek, sektor rahbarlarining hokim yordamchilari bilan hamkorlikda aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash va kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha «fuqarobay» ishlash amaliyoti bilan ham tanishildi.

Tuman aholisi oʻz xonadonida tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyib, oila aʼzolari bandligini taʼminlash barobarida doimiy daromad manbaiga ega boʻlmoqda. Jumladan, ushbu mahalladada yashovchi fuqaro Moʻminov xonadonida 60 mln soʻm miqdordagi kredit mablagʻlari hisobiga hovlisida issiqxona barpo etib, meva-sabzavot va boshqa qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish, parrandachilik va asalarichilik faoliyati tashkil etish tajribasi oʻrganildi.

Oʻrganishlarda asosiy eʼtibor huquqbuzarlik va jinoyatchilikni «mahallabay», «fuqarobay» tizimi va “Xavfsiz hovli” tamoyili asosida jilovlash, aholi bandligini taʼminlash, doimiy daromad manbaini yaratish orqali kambagʻallikni qisqartirish borasida sektor rahbarlari tomonidan olib borilayotgan ishlar natijadorligiga qaratilgani bilan muhim ahamiyat kasb etdi.

Masʼullar keyingi manzili Buxoro shahri boʻldi. Bunda, Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasining kapital taʼmirlangan binosi imkoniyatlari va xodimlarga yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishildi. Boshqarma boshligʻi Anvar Ahmedovning yoʻllarda harakat xavfsizligini taʼminlash va yoʻl-transport hodisalarining oldini olishga bagʻishlangan taqdimoti tinglandi.

Shu bilan birga, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Jamoat tartibini saqlash boshqarmasi boshligʻi Azim Bozorovning kadrlar bilan jamlash, jamoat xavfsizligini taʼminlash va jinoyatlarning oldini olishga bagʻishlangan taqdimoti tinglandi. Aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, mahallalarni jinoyatdan holi, xavfsiz hududga aylantirishga qaratilgan faoliyati muhokama qilinib, zaruriy tavsiyalar berildi.

Maʼlumki, jamoat xavfsizligini taʼminlash masalasiga doimiy eʼtibor qaratib kelinmoqda, eng chekka qishloqni ham jinoyatdan holi hududga aylantirish, aholiga yuqori professional xizmat koʻrsatish, uchun har bir mahallada izchil islohotlar olib borilmoqda.

Xususan, Prezidentning tegishli qaroriga koʻra, profilaktika inspektorlarini tayyorlashda bir qator imtiyozlar ajratilgan boʻlib, joriy yilda 100 nafar, keyingi yildan boshlab har yili 200 nafar profilaktika inspektori uchun fuqarolik oliygohlarida sirtqi shaklda yuridik taʼlimni olish imkoniyati yaratildi.

Shu bois, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Buxoro, Xorazm va Navoiy viloyatlarining jami 25 nafar profilaktika inspektoriga oliy oʻquv yurtlariga oʻqishga kirish uchun tavsiyanomalar topshirildi.

Shundan soʻng, Buxoro shahridagi “A.Gʻijduvoniy” mahallasida joylashgan 4-sektor shtabida sektor rahbarlarining aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, ularni kambagʻallikdan chiqarish va hududda jinoyatchilikni «mahallabay» jilovlash boʻyicha hamkorlikdagi faoliyati oʻrganildi. Mazkur mahallada joylashgan «Eʼzoza treyd» MCHJ da 20 dan ortiq mahallada yashovchi ehtiyojmand aholining bandligini taʼminlash orqali doimiy daromad manbaini yaratish amaliyoti bilan tanishildi.

Ichki ishlar vazirligining alohida ishchi guruhi tashabbusi bilan viloyat hududida huquqbuzarlik va jinoyatchilikni barvaqt oldini olish, kriminogen vaziyatni yanada barqarorlashtirish, yoʻllarda xavfsiz harakatlanishni taʼminlash maqsadida tezkor profilaktik tadbirlar tashkil etildi.

Ikki kunlik tadbirlar davomida jami 72 ta jinoiy holat va 80 ta maʼmuriy huquqbuzarliklar aniqlandi, ilgari sodir etilib, ochilmasdan qolgan 7 ta jinoyat fosh etildi, 8 nafar qidiruvdagi shaxslar ushlandi. Maxsus «Avtoreyd» tadbirlarida esa 1252 ta qoidabuzarlik holatlari aniqlanib, haydovchilar bilan profilaktik suhbatlar oʻtkazildi.

Respublika ishchi guruhining viloyatdagi oʻrganish va amaliy yordam koʻrsatish ishlari davom ettirilmoqda.

Text to speech