6 Fevral 2023 yil 404

Tailandga ishga jo‘natmoqchi bo‘lgan firibgar ushlandi

Bugungi kunda chet mamlakatlarda daromadli ish topib berish bilan fuqarolarni qiziqtirib, ularning ishonchiga kirib, misqollab yiqqan mol mulklarini aldov yo‘li bilan qo‘lga kiritayotgan firibgarlar to‘g‘risida ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoqlar orqali bot bot eʼlon qilinib, xorijiy mamlakatlarga ishga yuborishning qonuniy asoslari yuzasidan mahallalarda, mehnat jamoalari va taʼlim muassasalarida qator targ‘ibot va tashviqot tadbirlari olib borilmoqda.

Shunga qaramay, ayrim fuqarolarimizning o‘zlari noqonuniy yo‘llarni tanlab, firibgarlik qurboniga aylanmoqdalar.

Jumladan, fuqaro G.M. ham xorijiy mamlakatlarga borib, mo‘may daromad topishni orzu qilib yurganda O.R. ismli shaxsga duch keladi.

O.R. uning soddaligi va ishonuvchanligidan foydalanib, aldab, uni Tailand davlatiga ishga yuborish uchun vakolatli tanishlari orqali viza olib berish hamda Tailand davlatida yashovchi tanishlari orqali enaga vazifasiga ishga joylashtirib qo‘yish evaziga 6000 AQSH dollari talab qiladi.

Viloyat huquq-tartibot organlari tomonidan 2023-yil 31-yanvar kuni o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida O.R. Buxoro shahrida joylashgan RSHTYOIM Buxoro filiali ro‘parasida talab qilingan pullarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirgi kunda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Text to speech