27 Noyabr 2021 yil 232

“Yangi O‘zbekiston – yangi ichki ishlar organlari!” shiori ostida o‘tkazilayotgan shaxsiy tarkib o‘rtasida xizmat intizomi va qonuniylikni mustahkamlashga doir sayyor uchrashuvning navbatdagisi Romitan hamda Peshku tumanlari ichki ishlar bo‘limi xodimlari va ularning ota-onalari ishtirokida o‘tkazildi.

Avval xabar berganimizdek, Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Shuxrat Aliyev, joriy yilning 20 noyabr kuni Ichki ishlar vaziri general-leytenant Po‘lat Bobojonov raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash, viloyat ichki ishlar organlarining kelgusidagi ustuvor vazifalarini belgilab olish hamda xodimlar o‘rtasida xizmat intizomi va qonuniylikni mustahkamlashga doir amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida hududiy ichki ishlar organlariga borib, har bir xodim va ularning ota-onalari bilan yuzma-yuz ko‘rishib, sayyor uchrashuvlar o‘tkazmoqda.

Shu maqsadda joriy yilning 17 noyabr kuni ham boshqarma boshlig‘i O‘zbekiston Respublikasi IIV O‘XBB Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi sohaviy xizmat rahbarlari hamrohligida viloyatning Romitan hamda Peshku tumanlariga borib, ushbu tumanlar ichki ishlar bo‘limlari xodimlari va ularning ota-onalari bilan yuzma-yuz uchrashib, samimiy muloqot qildi.

Yig‘ilish kun tartibidagi asosiy masala hisoblangan joriy yilning 10 oyi davomida shaxsiy tarkib o‘rtasida xizmat intizomi va qonuniylikni mustahkamlash, xizmat o‘tashni tashkillashtirish, xodimlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish yo‘nalishlarida amalga oshirilgan ishlar ahvoli, bu borada yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar atroflicha muhokama qilinib, asosiy eʼtibor kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalarga qaratildi.

Tanqidiy ruhda o‘tgan uchrashuvda, sohada yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar sarhisob qilinib, o‘z xizmat vazifalariga masʼuliyatsizlik bilan yondashgan Romitan tumani IIBning 10 nafar, Peshku tumani IIBning 6 nafar xodimlari qattiq ogohlantirildi va shulardan 3 nafari egallab turgan lavozimidan ozod etilib rotatsiya qilish bo‘yicha qaror qabul qilindi.

Yig‘ilish davomida ushbu ikkala tuman ichki ishlar bo‘limlarining kelgusidagi ustuvor vazifalari, 2021 yilning yakuniga qadar xodimlar o‘rtasida xizmat intizomini mustahkamlashga doir amalga oshirilishi lozim bo‘lgan manzilli chora-tadbirlari belgilab olindi.

Jumladan, ichki ishlar organlarida kadrlar siyosatini to‘g‘ri va adolatli olib borish, tizimni xalqchil tuzilmaga, fuqarolarning chinakam himoyachisiga aylantirish, xodimlarni Vataniga va kasbiga sadoqat ruhida tarbiyalash, taraqqiyotning eng asosiy to‘siqlaridan biri bo‘lgan korrupsiya balosiga qarshi keskin va ayovsiz kurash olib borish lozimligi qayd etib o‘tildi.

Yig‘ilishda xodimlarning oila aʼzolariga hozirgi kunda ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan sodir etilayotgan qonun buzilish holatlari va ularning oqibatlari bo‘yicha tushuntirishlar berilib, farzandlarini hushyorlikka chaqirishlari aytib o‘tildi.

Yig‘ilish yakunida xizmat vazifasiga vijdonan yondashib sidqidildan xizmat qilib kelayotgan xodimlarga berilgan "O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tashkil topganining 30 yillik esdalik nishoni", ish ko‘rsatgichlari yuqori bo‘lgan xodimlarga pul mukofotlari hamda ularning ularning ota-onalariga tashakkurnomalar tantanali ravishda topshirildi.

Bu kabi tadbirlar barcha shahar va tuman ichki ishlar organlarida bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.

Text to speech